Shamani shama qilgan "MILLION"

Obuna bo‘lish
Hatto anchayin shafqatsiz sport turi - boksdayam ma’lum tartib-qoida bor. Vazn toifasi, beldan pastga zarba bermaslik degandek... "Million" jamoasining kulgisida umuman tartib-qoida, mezonning o‘zi yo‘q. "Odamlar kular ekan", deb og‘ziga kelganini aytaverishadi

Aytishlaricha, insondan tashqari maymunda ham kulgi tuyg‘usi bo‘larkan.

"Million"ning navbatdagi konsert dasturi haqidagi reklamani ko‘rib, negadir shu o‘y xayolimga keldi. Albatta, buni quyida aytilmoqchi bo‘lgan fikrlarga aloqasi yo‘q. Lekin gap kulgi to‘g‘risida boradi.

"Million" jamoasi to‘g‘risida ilgariyam ko‘p aytilgan. 2016-yilda berilgan konsertdan keyin ham bir-ikki gap-so‘zlar, fikrlar bildirildi. Bo‘ldi, shundan keyin bular o‘zlariga kelib, bunaqa odatlarini qo‘yishar, degan fikrga borgan ham edik. Adashibmiz, chamasi… Yana konsert, yana reklama.

O‘zbek estradasiga nazar: zamonaviy qo‘shiqlar haqida luqmalar
Hatto anchayin shafqatsiz sport turi — boksdayam ma’lum tartiblar bor. Vazn toifasi, beldan pastga zarba bermaslikka o‘xshash tartib-qoidalari degandek. "Million" jamoasining kulgisida umuman tartib-qoida, mezonning o‘zi yo‘q. "Odamlar kular ekan", deb og‘ziga kelganni aytaverishadi.

Vazn toifasi masalasida: tomoshaga yoshu qari, ayolu erkak — ko‘pchilik yig‘ilgan, odamlar yoshgina bolalarini ham olib kelishgan, "kulib ketaylik", deyishgan-da. Lekin sahnada aytilayotgan gap faqat ma’lum toifa — erkaklar, undayam yigirma yoshdan ellik yoshgacha bo‘lgan erkaklar jamoasida aytiladigan hazillar.

Xuddi shu o‘rinda boksning beldan pastga zarba bermaslik to‘g‘risidagi qoidasi esga tushadi. Uxlab yotganda xotinining qo‘li tegib ketishi… "Mersedes"da yuradigan qizlar… "Pochka"ning qayerda joylashgani… Dorixonadagi savdo… va shunga o‘xshash boshqa gaplar. Hatto, anchayin muqaddas sanalgan dasturxongayam bir gap tegib o‘tish kerak, bular.

Besh ming kishi yig‘iladigan tomoshagohda aytiladigan gaplarmi shu?

O‘zbeklar andishali xalq. Shu sababliyam, ayrim nozik iboralarni hech qachon to‘g‘ridan to‘g‘ri aytmaydi. Shamalar orqali gapiradi. "Million" jamoasi esa aynan o‘sha shamalarni ishlatib, odamlarni kuldirish yo‘lini o‘rganib olgan va shu qoidaga har doim sodiq qoladi. Keyingi yillarda berilgan tanqidlardan xulosa chiqarmadi bular.

Tushunamiz, eng dono insonlar so‘zlariga ikki xil ma’no berib gapira oladi. Bu har kimning ham qo‘lidan kelavermaydi. Lekin "Million"ning gaplari dono kishining so‘zlariga yaqin ham yo‘lamaydi.

"Odamlar kulyapti-ku", degan e’tiroz ham goh-goh bo‘y ko‘rsatib turadi. Lekin odamlarni balchiqqa yiqilib ham kuldirish mumkin. Kulgining kulgidan farqi bo‘ladi-da. Maqsad, insoniylikni yo‘qotmay kulish va kuldirish.

To‘g‘ri, o‘zbeklarning askiya san’ati bor. Hozirjavoblikka asoslanadi. "Million"chilarnikiga biroz o‘xshab ketadigan joyi ham bor. Hatto shunday milliy san’at turining ustalari ham katta saroylariga chiqishga shoshilishmaydi, bo‘lmasa ularning "million"chilarga kam joyi bormi? Faqat ular o‘zligimizdan uzoqlashishmagan, bilishadiki, har gapning, har narsaning o‘z o‘rni, o‘z joyi bor.

Million guruhi - Sputnik O‘zbekiston
“Million” guruhi sentabrda konsert beradi
Aslida askiya ham andishaliligimiz natijasida yuzaga kelgan san’at. Qolaversa, askiyaning mavjudligi "million"chilarni oqlamaydi. Askiya, hozirjavoblik san’ati, unda hech kim oldindan tayyorlanmaydi. Uning yillar davomida konsertga tayyorlanadigan "Million"ga ahamiyati yo‘q.

"Million" o‘zining konsertidan o‘zi xulosa chiqarsa bo‘lardi. Mehmonga taklif qilingan "Gap yo‘q" jamoasi Hojiboy Tojiboyevning gaplaridan foydalanib, kulgi yaratishadi. Shu oddiy bir holatdan ham xulosa qilishsa bo‘lardi — bir inson, haqiqiy iqtidor egasi, o‘zi o‘tib ketib ham, ovozi bilan odamlarga kulgi ulashmoqda. "Million"ning hazillarini esa uch kundan keyin birov eslamaydi — kulgilari shunchalar qadrsiz va sayoz.

Umuman, besh ming kishi saroyga faqat hazillashish uchun chaqirilmaydi-ku. Hazilda, hangomada, kulgida ham hech bo‘lmasa ozroqqina hikmat, mantiq bo‘lishi kerak emasmi? Besh ming odamni yig‘ib, gap aytmoqchi bo‘lgan insonning o‘z maqsadi, so‘zi va niyati bo‘lmaydimi? Birovlarning qo‘shig‘i, so‘zini solishtirib, chog‘ishtirib, shunga moslab o‘ynab berish, ayollarni yerga urish, eski latifalarni aytish va bularning barchasini shumliklar bilan bog‘lash bilan bu hali maqsad emas, san’at ham, shunchaki tijorat, xolos.

Quvnoqlar va zukkolar darajasida, hatto ulardan-da pastroq darajaga tushib qolishgan bular. Axir, "pochka"ning joylashgan joyi haqidagi latifani ko‘cha-ko‘yda o‘zini hurmat qilgan latifago‘ylar ham aytmaydi, bular esa katta sahnaga olib chiqib o‘tiribdi.

Darvoqe, gapniyam eplagan gapirsin ekan-da. Xalq oldiga chiqvolib, "pochka-mochka" qilishi nimasi?

Shundan ham "million"chilarning o‘z ishlariga qanchalar yengiltaklik bilan, e’tiborsiz munosabatda bo‘lishlarini ilg‘ash mumkin. Mayli kulgi, mayli hazil, mayli eski latifa — lekin har qanday gapning zamirida, nasihat demaylik, hech bo‘lmasa, oddiy asos bo‘lishi kerak emasmi? Buyrak haqida hazil qilmoqchi bo‘lgan odam, xalq oldiga chiqib, chalasavodligingni bildirmay, uning o‘zi nimaligini, qayda joylashganligini o‘rganib olsa bo‘lmaydimi?

Ruscha gapirishga nima bor ekan?

"B.u." haqidagi gaplar-chi? "B" harfi faqat rus tilida nimanidir ifodalaydi.

Davron Kabulov "men echki emasman", deydi. Davron "echki" deganda "kozol"ni nazarda tutadi-da. Ruslarda shunday — bu jonivor "chaqimchi" ma’nosini beradi. O‘zbek tilida esa "echki" umuman boshqa ma’noni ifodalaydi — uyatsizroq, shaddod qizlarni unga qiyoslashadi. Qolaversa, "kozol"ning tarjimasi "echki"yam bo‘lmaydi-da. Davron "men taka emasman", deganda kulgili chiqqan bo‘lardi.

Mana, bir og‘iz gapda shuncha noaniqlik!

"Million"ning so‘zga, tilga va u orqali o‘zini tinglagani kelgan xalqqa munosabatni shundan ham ilg‘asa bo‘ladi.

Bu gaplar "million"chilarning milliy zamindan qanchalar yiroqligini ko‘rsatadi.

O‘zbekcha-ruscha so‘zlashgich - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbek tilining tarixi yoxud Xodja, Dosmat, Maxamatlar qanday paydo bo‘lgani haqida
O‘zi odamlar ongida "Million" deganda shumlikdan boshqa hech nima jonlanmaydigan bo‘lib qolibdi. Hatto oddiy yo‘l belgisini ko‘rsatishsa ham tomoshabinlar undan allaqanday shumliklarni ilg‘ab, gurros kulmoqda. Ularning chiqishlari behayolikni targ‘ib etuvchi dasturga aylanib qolgan.

Shunday tomoshada ishtirok etish uchun Kanizaning rozilik bergani va qo‘shiq kuylagani g‘alati. Bilamiz, bu xonanda yangilikdan, har xil tajribadan cho‘chimaydi. Tasanno! Lekin "Million"ning konsertida ishtirok etish tajriba emas, insonning aqliy salohiyati darajasini belgilaydigan bir mezon bo‘lib qoldi.

Shunday ajoyib xonandaning o‘zini masxara qilib qo‘yishi tushunarsiz. Har holda inson, hatto reyting ortidan quvayotgan xonandalar ham o‘z qadr-qimmatini bilishi kerak, chamasi.

Albatta, "million"chilar "biz to‘g‘ri qilyapmiz, bilganimiz bilgan", degan fikrda va hech qanday tanqidni qabul qilmaydi (keyingi konsertlari buni ko‘rsatdi).

Ularda o‘z ishlariga tanqidiy baho bera bilish qudrati bo‘lganda, ikki yillik tanaffusda tegishli xulosalar chiqargan bo‘lardi. Yo‘q, ularga bu pandiyat bo‘lmagani ko‘rinib turibdi. Yana o‘sha bachkanalik, yana o‘sha so‘z qashshoqligi, yana o‘sha o‘ta sayoz hazillar.

Ko‘ramiz, bu yil nima karomat ko‘rsatishar ekan? Faqat bir o‘tinchimiz, kulgini maymunning darajasiga tushirishmasalar.

Yangiliklar lentasi
0