TOShKENT, 7 noyab – Sputnik. Pekinda O‘zbekiston va Xitoy Xalq Respublikasi aviatsiya hukumatlari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Transport vazirligi delegatsiyasi Xitoy fuqaro aviatsiyasi bilan uchrashuvi chog‘ida aviatsiya qatnovlari sohasidagi ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va manfaatli hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Xususan, Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi parvozlarni ko‘paytirish, tayinlangan aviakompaniyalarning parvozlar geografiyasini kengaytirish va amalga oshirilayotgan reyslarni Pekin shahridagi yangi “Dasin” xalqaro aeroportiga o‘tkazish masalalari yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Muzokaralar yakunida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida qatnovchi aviakompaniyalarning reyslarini haftasiga 15 tagacha oshirish, ikki davlat aviatsiya hukumati o‘rtasidagi mavjud kelishuvga Pekin, Urumchi, Shanxay, Guanchjou, Tanzin kabi ruxsat etilgan shaharlar qatoriga aviakompaniyalar parvozlarni amalga oshirishda Sian, Sanya, Iu va Chendu shaharlarini qo‘shish masalasida ham kelishib olindi.
Aviakompaniyalar reyslarini Pekin shahridagi yangi “Dasin” xalqaro aeroportiga o‘tkazish yuzasidan kelishuvga erishildi.