Sayyohlarga O‘zbekistonda bo‘lish necha pulga tushmoqda?

Samarkand. - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 18.12.2023
Obuna bo‘lish
O‘zbekistonga kelgan har bir sayyoh o‘rtacha hisobda 326 dollar sarflaydi. Bu ko‘rsatgich 2021-yilda 224 dollarga teng bo‘lgan.
TOShKENT, 18 dek — Sputnik. Bir nafar sayyohning O‘zbekistondagi o‘rtacha xarajati 326 dollarni tashkil qilmoqda. Bu haqda Turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilish va turizm infratuzilmasini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Ibrog‘im Barnayev Sputnik muxbiriga ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, shu yilning 11 oyida 2 milliard dollar turizm xizmati amalga oshirildi.
Shunday qilib, bir nafar turistning mamlakatda bo‘lish davomidagi o‘rtacha xarajati 326 dollarni tashkil qilmoqda. Bu ko‘rsatkich 2021-yilda 224 dollarni tashkil etgan.

“Bu ko‘rsatkich davlatlar kesimida qaralganda bir nafar Uzoq sharq va Yevropa davlatlaridan kelgan sayyoh 1 ming 66 dollar (2021 yilda 709 dollar), MDH davlatlari esa 743 dollar (2021 yilda 635 dollar), qo‘shni davlatlardan tashrif buyurganlar 154 dollardan 257 dollargacha mamlakatda mablag‘ qoldirmoqda” — dedi Barnayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2024-yilda turizm eksportini 2,5 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha choralar ko‘riladi.

Turistlar sonining umumiy ko‘rsatkichlari

O‘zbekistonga kelayotgan xorijlik sayyohlarning yillik o‘rtacha o‘sishi 20 foizdan ortmoqda. 2023-yilning yanvar-noyabr oylarida mamlakatga 6 million 134 ming nafar xorij fuqarosi tashrif buyurgan. Yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkich 7 millionga yetishi prognoz qilinmoqda.
Quyidagi davlatlardan eng ko‘p sayyohlar tashrif buyurgan:
Rossiyadan 676 ming (2022 yilning 11 oyiga nisbatan 1,3 barobar ko‘p);
Turkiyadan 99 ming (1,4 barobar ko‘p);
Hindistondan 41 ming (2,9 barobar ko‘p);
Xitoydan 39 ming (8,5 barobar ko‘p);
Janubiy Koreyadan 35 ming (1,9 barobar ko‘p);
Germaniyadan 28 ming (1,7 barobar ko‘p);
Italiyadan 25 ming (2,9 barobar ko‘p);
AQShdan 22 ming (1,8 barobar ko‘p);
Fransiyadan 18 ming (1,7 barobarga ko‘p).
Ta’kidlanishicha, 2024-yilda xorijiy sayyohlar sonini 10 million nafarga yetkazish bo‘yicha ish olib borilmoqda.

Ichki turizm ko‘rsatkichlari

2023 yilda “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida mamlakat bo‘ylab 20 million nafar mahalliy sayyohlar tashrifi prognoz qilingan edi.
Bu ko‘rsatkich 11 oy davomida 20,6 millionga yetdi. Yangi yil, Navro‘z, Ramazon hayiti, Mustaqillik bayramlarida joriy qilingan 5 kunlik dam olish kunlari ichki turizm oqimiga o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatmoqda. Ushbu kunlarda 3-5 milliongacha tashriflar kuzatilgan.

“Turizm, madaniyat, sport va hunarmandchilik yo‘nalishidagi 200 taga yaqin mahalliy hamda respublika miqyosdagi tadbirlar mahalliy sayyohlar sonini ortishiga xizmat qildi”, — dedi u.

Shu yilda, bevosita Turizm qo‘mitasi ko‘magida hududlarda 1000 nafardan ortiq imkoniyati cheklangan shaxslar va 570 ming yoshlar sayohatlari tashkil etildi.
“2024 yilda mutasaddi tashkilotlar bilan birga har bir hududdan 1 ming nafardan imkoniyati cheklangan shaxslar sayohati rejalashtirilgan”, — deya ta’kidladi mutaxassis.
Uning qo‘shimcha qilishicha, bosqichma-bosqich mamlakatda to‘siqsiz turizm rivojlantiriladi.

Ziyorat turizm ko‘rsatkichlari

Joriy yil iyun oyida Singapurda joylashgan “CrescentRating” tashkiloti 100 dan ortiq davlatlar ichida Xiva shahriga “Yilning islom merosi turizm manzili” sovrinini taqdim qildi.
Ziyorat turizm salohiyatini targ‘ib qilish maqsadida o‘tkazilgan tadbirlar:
Buxoroda “Naqshbandiya” festivali, “Xalqaro ziyorat turizm haftaligi”;
Mir Arab madrasasining 500-yilligiga bag‘ishlangan “Boqiy Buxoroning islom sivilizatsiyasidagi o‘rni” mavzusida xalqaro konferensiya;
Termiz shahridagi “Imom Buxoriy, Dorimiy va Termiziy: muhaddislikning Movarounnahr maktabi” xalqaro ilmiy konferensiya.
Tadbirlarga Turkiya, Eron, Birlashgan Arab Amirliklari, Jazoir, Kuvayt, Marokash, Qatar, Rossiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Singapur, Malayziya, Indoneziya kabi 30 taga yaqin xorijiy davlatlar yetuk olimlar, ilmiy tadqiqot markazlari, OAV vakillari tashrif buyurdi.
Ziyoratchilar oqimini oshirish maqsadida tadbirkorlik subyektlari bilan hamkorlikda 2023-yil 26-apreldan Toshkent va Jakarta (“Uzbekistan Airways" AJ), 21-iyunidan Tehron va Samarqand (Eronning "Qeshm Air" aviakompaniyasi) o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar yo‘lga qo‘yildi.
Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar tillarida yuritiluvchi 7 tilda “Tabarruk ziyorat” platformasi ishga tushirildi. Dastlabki bosqichda mamlakatdagi 100 ta ziyorat obyekti platformaga kiritildi.
Ma’lumot o‘rnida, Islom hamkorlik tashkiloti tomonidan “Xiva — 2024-yilda islom dunyosining turizm poytaxti” deb e’lon qilingan.

Turizm obyektlarida infratuzilmani yaxshilash

Hududlarda 183 ta yangi mehmonxona (o‘rinlar soni 11 342 ta) va 207 ta xostel (o‘rinlar soni 7 237 ta) yangidan ishga tushdi. Jami joylashtirish vositalari soni 5 365 ta, ulardagi o‘rinlar soni 142 038 taga yetkazildi.
Xonadonlarda 333 ta oilaviy mehmon uyi (o‘rinlar soni 3 092 ta) tashkil qilinib, ularning umumiy soni 3 305 ta (o‘rinlar soni 29 300 ta)ga yetdi.
Turistlar uchun xizmat ko‘rsatuvchi 810 ta yangi turistik tashkilot va turagentlar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida ularning soni 2 649 taga yetkazildi.
"2023 yilning 1-noyabr holatiga umumiy qiymati 8,1 trillion so‘mlik 448 ta loyihalar amalga oshirildi (8 191 ta yangi ish o‘rinlari yaratilgan). Yil yakuniga qadar 1,4 trillion so‘mlik 60 ta loyiha ishga tushadi", — deydi mutaxassis.
Yil boshidan turizm va unga yondosh sohalarda 70 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Turistlar tashrif buyuradigan obyektlar, barcha turdagi avtomobillarga yoqilg‘i quyish stansiyalari, yo‘l bo‘ylari va aholi gavjum joylarda respublika bo‘yicha 1 145 ta sanitariya-gigiyena shoxobchasi holati yaxshilandi (ularning 672 tasi yangidan qurilgan bo‘lsa, 473 tasi hozirgi zamon talablari asosida qayta ta’mirlandi).
Respublika hududida mavjud 4 653 ta barcha turdagi yoqilg‘i quyish stansiyasining sanitariya-gigiyena shoxobchalari bilan ta’minlanganlik darajasi 94,0 foizga yetkazildi (4 357 ta AYoQShlar sanitariya-gigiyena shoxobchasi bilan ta’minlandi).

“Kelgusida jamoat joylari, turistlar tashrif buyuradigan obyektlarda sanitariya-gigiyena shoxobchalarni tashkil qilish va ularni zamon talablariga moslashtirish bo‘yicha alohida ish tashkil qilinadi”, — dedi Barnayev.

Bu yil 280 mlrd so‘m dan ortiq mablag‘ turizm obyektlarida infratuzilmani yaxshilashga yo‘naltirildi. Mazkur yo‘nalishda 330 mlrd so‘mlik taklif 2024-yil uchun ishlab chiqildi.

Turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilish

2023 yilda Toshkent (Ertoshsoy va Ovjazsoy), Surxondaryo (Sangardak), Samarqand va Navoiy (Sentob) viloyatlaridagi 5 ta qishloqqa “turizm qishlog‘i” maqomi berildi. Ushbu qishloqlarda mahalliy hokimliklar bilan birgalikda turistlar uchun shart-sharoit yaxshilandi va infratuzilma tashkil qilindi. 16-20 oktabrdagi Butunjahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasining 25 sessiyasida Navoiy viloyatidagi Sentob qishlog‘i “The Best Tourist Village” maqomiga ega bo‘ldi.

“Kelgusi yilda hududlarda qo‘shimcha 10 ta “turizm qishloqlar”ini tashkil qilish choralari ko‘riladi”, — dedi Barnayev.

Shu yili avgust oyida Jizzax viloyatining Zomin tumanida “Zomin” turistik-rekreatsion zonasida dor yo‘li (uzunligi 2 102 metr) ishga tushdi. Uning maksimal harakatlanish tezligi esa 6 metr sekundgacha bo‘lib, soatiga 1 200 nafar sayyohga xizmat ko‘rsatish imkoniga ega.

“Bundan tashqari Bo‘stonliq tumanida “Beldirsoy” hududida 2650 metrdan iborat bo‘lgan osmador yo‘li yil yakuniga qadar ishga tushiriladi. 2024-yilda Surxondaryo viloyatining Boysun, Denov, Oltinsoy va Sariosiyo tumanlarida dor yo‘llarini tashkil qilish bo‘yicha ish boshlanadi”, - deya qayd etdi Barnayev.

Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumani Nanay qishlog‘ida bir vaqtning o‘zida 500 nafar sayyohlarga tibbiy, agro, eko va gastro turizm xizmatlarni ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘lgan turistik majmua faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Mo‘ynoq tumani Orol dengizi bo‘yida mehmonxona, ovqatlanish safari turizmga ixtisoslashgan turistik loyiha ishga tushdi (100 nafar sayyohga mo‘ljalangan).
Sentabr oyida Shahrisabz shahrida Karvonsaroy loyihasi foydalanishga topshirildi. Unda, 100 o‘rinli avtobus bekati, avtoservis, 100 o‘rinli mehmonxona, 100 o‘rinli restoran, yoqilg‘i quyish stansiyasi, "avtomoyka" va boshqa xizmat turlari yo‘lga qo‘yldi.
Shahrisabz tumani hududidagi umumiy maydoni 240 gektar bo‘lgan yer uchastkasida “Shahrisabz” turistik markazi va Qamashi tumani hududidagi umumiy maydoni 58,6 gektar hududda “Maydanak baland tog‘” turistik markazi tashkil etish yuzasidan ish boshlandi.
Ularda mehmonxona, sog‘lomlashtirish sanatoriysi, umumiy ovqatlanish obyektlari, dor yo‘llari, tog‘-chang‘i kompleksi va savdo-ko‘ngilochar obyektlar barpo etish nazarda tutilgan.

Turizm sohasida kadrlar tayyorlash

Oxirgi 3-yilda turizm sohasida kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasalari soni 16 tadan 30 taga, ularda ta’lim oluvchi talabalar soni esa mos ravishda 4 100 nafardan 11 500 nafargacha oshgan.
2020 yilda oliy ta’lim muassasalarida turizm sohasida ta’lim beruvchi pedagoglarning ilmiy salohiyati 24,2 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yilda ushbu ko‘rsatkich 37,6 foizga yetdi.
Xalqaro tajribadan kelib chiqib, joriy yilda Turizm qo‘mitasi huzuridagi jami 10 ta professional ta’lim muassasalarida o‘quvchilarga amaliy darslarni o‘rgatish maqsadida laboratoriya xonalari tashkil etildi. Bu maqsadlar uchun jami 3 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘lar yo‘naltirildi.
Qo‘shimcha qilinishicha, 2024-yilda hududlarni alohida diversifikatsiya qilish, yoshlar, agro, MICE, to‘siqsiz turizmni rivojlantirish, infratuzilmani yaxshilash, sohani raqamlashtirish, xizmat sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Yangiliklar lentasi
0