Migrant-friendly: Razandagi o‘zbeklar qanday hayot kechirishmoqda

© Iz lichnogo arxiva Z.KadirovoyZulayxo Kadirova
Zulayxo Kadirova - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Sputnik muxbiri Razandagi o‘zbeklar orasida bir kun bo‘lib qaytdi va taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi

TOShKENT, 6 apr — Sputnik, Lev Rijkov. Rossiya shaharlarida migrantlarga turlicha munosabatda bo‘lishadi: qayerdadir qat’iy tarzda hujjat tekshirishadi, boshqa bir yerda esa migrantlar o‘zliklarini unutmagan holda o‘zlari yashayotgan joyga singib ketishadi.

Moskvadan uncha uzoqda bo‘lmagan Razan viloyat markazini ikkinchi turga mansub deyish mumkin.

O‘zgalarnikini hurmat qil, o‘zingnikini asra

Razan bilan tanishishni Kremldan boshlaymiz. Bu qadimiy shahardagi Kreml o‘zgacha chiroyli, oppoq, xuddi shakardan qurilganga o‘xshaydi.

Meni bu yerda hayratlantirgani, Razandagi o‘zbeklarning tarixiy faktlarni juda yaxshi bilishlari bo‘ldi. Ular deyarli har bir inshoot haqida yaxshi bilishadi. O‘zbeklar Razan negadir Rossiya Oltin halqasidagi shaharlar sirasiga kirmay qolganidan xafalar.

"O‘zbekistonliklarning tarixiy yodgorliklarga qiziqishlari hech ham hayratlanarli hol emas, — deydi Razandagi “Olmos” mahalliy milliy-madaniy avtonomiyasi rahbari Zulayho Qodirova. — Axir bizning o‘zimiz go‘zal va qadimiy shaharlardan kelganmiz. Masalan, men Buxorodanman, Samarqand, xivaliklar ham bor. Razandagi o‘zbeklarning ko‘pchiligi esa andijonliklar".

Mehmondo‘st hamrohlarim Konstantinovo qishlog‘i — shoir Sergey Yesenin vatanida sayr qilishni taklif etishadi. Sergey Aleksandrovich o‘tgan asrning boshlarida Toshkent, Samarqand va Buxoroda bo‘lgan. Shoirning turmush o‘rtog‘i Aysedora Dunkanning xotirlashicha, Rimning qoq markazida Yesenin birdan: "Eh, qanday go‘zali! Lekin baribir Samarqandday emas", deb hayqirib yuborgan ekan.

"Muvaffaqiyatimiz siri oddiy, — deydi Zulayho Qodirova. — Kelgan mamlakating madaniyatini hurmat qil. Va hech qachon o‘z madaniyatingni unutma. Inson o‘z vatanidan uyalmasligi, o‘z ismini o‘zgartirmasligi kerak. Ba’zilar o‘zlarini ruscha ism bilan tanishtirishganida jahlim chiqadi. Sen qanaqasiga Borya bo‘lasan, isming aslida Bahrom bo‘lsa? Bizning ismlarni aytish qiyinligi bekor gap. Agar seni hurmat qilishsa, inson sifatida qadrlashsa, ota-onang qo‘ygan ism bilan chaqirishadi".

Nomsiz qahvaxonada

Tushlik qilgani Razandagi o‘zbeklarning aytishicha, shahardagi “eng mazali joy”ga boramiz. U migrantlar bilan to‘lib-toshgan kichkinagina qahvaxona ekan. Bu yerda elliktacha odam bor edi. bu “mazali joy”ning hattoki nomi ham yo‘q, peshlavha ham ko‘rinmaydi.

Nomsiz qahvaxona hamisha gavjum. Bu yerda hech qachon isitilgan ovqat bo‘lmaydi – doim yangi tayyorlanadi va birpasda tugaydi.

Maskanga faqat o‘zbeklargina kirmaydi. Tojik, qirg‘izlar ham juda ko‘p. Ruslar ham kirib turishadi. Hech qanday peshlavha yopishtirilmagan bo‘lsayam, u shahardagi eng mashhur tamaddixona hisoblanadi.

Eng katta jamiyat

Razanga yiliga 40 mingga yaqin migrant keladi. Ular sobiq SSSRning turli xalqlari vakillari: tojiklar, ozarbayjonlar, moldavanlar. O‘zbeklar migrantlar umumiy sonining 50%ga yaqinini tashkil etishadi. Ya’ni hammadan ko‘p.

Predsedatel Uzbekskoy natsionalno-kulturnoy avtonomii g. Moskvi Xabib Abdullayev - Sputnik O‘zbekiston
Moskvada Navro‘zni nishonlash migrantlar uchun juda muhim - Habib Abdullayev

Buning sababi oddiy. Gap shundaki, Razanda Toshkent-Moskva poyezdi ancha vaqt to‘xtab turadi. Kimdir Razan bekatida tushadi. Va shu yerda qoladi.

Bundan tashqari, Razanga avval ham shu yerda ishlagan mavsumiy ishchilar qaytib kelishadi. Shunday yaxshi shahar turganida boshqa shaharni izlab nima qiladi?

Moskvaning yaqinligi ham o‘z rolini o‘ynaydi. Bayramlar va xalqaro tadbirlar vaqtida Rossiya poytaxtida nazorat kuchayadi. Ana shunday paytlarda hattoki hujjati joyida bo‘lgan ayrim migrantlar ham shaharni vaqtincha tark etishga harakat qiladi. Futbol bo‘yicha jahon chempionati arafasida yana anchagina katta oqim kelishi kutilmoqda.

"Buni qayerdan bilishimni aytaymi?— deydi Qodirova. — Razandagi televideniyeda “Razan bekati” nomli turkum ko‘rsatuvlar tayyorlaganman. Bu yerga kelgan kishilarning qiziqarli taqdiri haqida. Ko‘rsatuvning yana bir maqsadi Razanga keluvchilarga nisbatan salbiy munosabatni bartaraf qilish edi. Loyiha yopilganiga ancha bo‘ldi, lekin mendan haliyam ko‘rsatuvning davomi qachon chiqishini so‘rab turishadi".

Ilk qadamlar

Razandagi o‘zbekistonliklar birdaniga uyushishmagan. Zulayhoning aytishicha, tashkilot bittalab odam to‘plagan.

— Men jamoatchilik faoliyati kimga qiziq bo‘lishi mumkin deb uzoq o‘yladim,— hikoya qiladi Qodirova. — Katta avlodgami? Lekin ularga xalqlar do‘stligi haqida gapirishning hojati yo‘q. Ular sovet davrida o‘sishgan. 30-40 yoshlilargami? Ular hammasi ishda. Shu bois yosh vlodga e’tibor qaratdim. Maktablar, madaniyat uylari, kutubxona, institutlarda tadbirlar o‘tkazishga kirishdim.

Musiqiy ansambl tashkil qildik. Ansambl tadbirlarda chiqish qildi. Bundan tashqari, barchaga o‘zbekcha to‘ylar, tantanalarda xizmat qilishimizni aytdik. Hozirda bu yerdagi tadbirlarda o‘zbekcha qo‘shiq aytib, davrani o‘zbekcha olib boradigan artist va boshlovchilarimiz bor – hammasi xuddi o‘z yurtimizdagidek. Ko‘pchilik bundan xursand".

Moskva namuna emas

Razandagi o‘zbek hamjamiyatining xizmatlari rasmiy miqyosda bir necha bor e’tirof etilgan. Tashkilot o‘tgan yili Permda o‘tkazilgan umumfuqarolar birligi forumida mukofot ham olgan.

"O‘tgan yili Xabarovskda bo‘ldim, — deydi Zulayho. — Mahalliy o‘zbek avtonomiyasi bilan tanishdim. Tashkilot boy, hududda pul bor. Ammo ishni qanday tashkil qilish va olib borishni bilishmaydi. Bu yil u yerga yana bormoqchiman".

Moskva ham bu borada namuna bo‘la olmaydi. Ha, poytaxtda ham o‘zbeklar jamoatchilik tashkiloti bor, odamlar zaxirasi ulkan. Ammo ish ko‘ngildagidek emas.

"Ixtiyor menda bo‘lganida edi, shularning hammasini Moskvada tashkillashtirgan bo‘lardim, — deydi Qodirova. — Va Moskvadagi o‘zbeklar ham Razandagi o‘zbeklar kabi mamlakatda eng zo‘rlari bo‘lishardi. Ammo boshqa tarafdan, tashqarida turib gapirish oson! U yerda o‘ziga yarasha qiyinchilik va men bilmagan jihatlar bo‘lsa kerak. Ammo asosiysi, nimaga erishmoqchi ekanliging haqida umumiy tushunchaga ega bo‘lish".

"Hozir odamlar o‘zlari safimizga qo‘shilishmoqda, — deydi Zulayho. — Hech kimni taklif etayotganim yo‘q – o‘zlari kelishapti. Kimdir muammo bilan, kimdir tashabbus bilan. Migrantlarning muammolari kamayib borapti. Chunki Rossiya qonunchiligiga rioya qilish, o‘z vaqtida ro‘yxatdan o‘tish kerakligini hamma tushundi".

Hamjihatlik — ulkan kuch

Razandagi jamiyat muvaffaqiyatining asosiy siri uning ochiqligida.

"Biz barcha uchun ochiqmiz va ko‘pchilik bilan hamkorlik qilamiz,— ta’kidlaydi Qodirova. — Biz barcha xalqlarning urf-odatlarini hurmat qilamiz. Mana shu qahvaxonada yanvarda bayram uyushtirdik. Ukrainlar kelib milliy qo‘shiqlarini aytishdi. Koreya hamjamiyati bilan ham mustahkam aloqa o‘rnatganmiz. Darvoqe, bu yerdagi koreyslarning ko‘pchiligi O‘zbekistondan. Bizning hamurtlarimiz. Yaqinda tashkil topgan tojiklar hamjamiyatiga tadbirlar uyushtirishda yordam berapmiz".

Uning so‘zlariga ko‘ra, millatlar hamjihatligi ulkan kuch demakdir.

Yangiliklar lentasi
0