Afsonaviy Lev Yashin tahsil olgan oliygoh endi O‘zbekistonda

© Sputnik / Vladimir Rodionov / Mediabankka o‘tishZaslujenniy master sporta Lev Yashin
Zaslujenniy master sporta Lev Yashin  - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Samarqand shahrida Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti filiali tashkil etildi. Dunyoning eng yaxshi mingta OTMlari ro‘yxatiga kiruvchi ushbu universitet bitiruvchilari orasida 172 nafar Olimpiya, Yevropa va jahon chempionlari bor. Lev Yashin, Yevgeniya Medvedeva, Pavel Burelar shular jumlasidan

TOShKENT, 23-iyul - Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Dunyoda yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblangan Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti filiali O‘zbekistonda ham tashkil etildi. Sputnik muxbiri Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida ushbu ta’lim dargohini tashkil etish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan ochiq muloqotda ishtirok etdi.

Sportsmeni olimpiyskoy sbornoy Uzbekistana - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekistonda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tashkil etildi

Nega aynan ushbu universitet?

Filialga qabul uchun mas’ul, Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha ilmiy-metodik ta’minlash, mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi direktori — Ilhomjon Tursunaliyevning aytishicha, Rossiyada sport yo‘nalishi bo‘yicha birinchi raqamli oliy o‘quv yurti bo‘lganligi uchun aynan shu universitet filialini O‘zbekistonda ham tashkil etish qarori qabul qilingan.

"Bugungi kunga qadar universitet tomonidan 60 mingdan ziyod yuqori toifali mutaxassislar tayyorlangan bo‘lib, ulardan 5 ming nafari xorijlik mutaxassislardir. Bugungi kunda ushbu oliy ta’lim maskanida 6500dan ortiq talaba ta’lim olib, ulardan 600 nafari xorijiy davlat fuqarolari hisoblanadi. Ilmiy salohiyati jahonda juda yuqori: reyting bo‘yicha dunyoning eng obro‘li 1000 universiteti ro‘yxatiga kiritilgan", - deydi Tursunaliyev.

Suhbatdoshning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistondagi sport ta’lim muassasalarida 51% o‘rta maxsus ma’lumotga ega mutaxassislar faoliyat yuritmoqda va oliy ma’lumotga ega bo‘lgan kadrlarga ehtiyoj juda yuqori.

Xususan, O‘zbekiston Olimpiya o‘yinlari, Osiyo o‘yinlari, Jahon chempionatlari va boshqa nufuzli sport chempionatlarida katta yutuqlarga erishgan bo‘lsa-da, yutuqlarning barchasi sportning yakka kurash turlari bo‘yicha bo‘lgan. Shu bois, sport vazirligi topshirig‘iga asosan, sport ta’lim muassasalari o‘rganib chiqilgan va endilikda mamlakatda voleybol, basketbol, yengil atletika, eshkak eshish, tennis va futbol singari sport turlarini rivojlantirishga asosiy e’tibor qaratishga kelishilgan. 

2019/2020 o‘quv yilida universitetga qabul 6 yo‘nalish: ya’ni basketbol, voleybol, yengil atletika, eshkak eshish, tennis va futbol yo‘nalishlari bo‘yicha amalga oshiriladi. Yillik to‘lov shartnomasi - 2 ming dollar.

Talabalarga jahon sport yulduzlari dars o‘tadi

Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universitetining jahondagi yuqori o‘rni uning ilmiy salohiyati va o‘quv jarayonida eng yuqori malakaga ega bo‘lgan professor-o‘qituvchilar tarkibi bilan izohlanadi. Universitetda ta’lim jarayoniga 53 nafar fan doktori va professorlar, akademiklar va Rossiya Fanlar Akademiyasi korrespondent-a’zolari jalb etilgan. Shuningdek, RF Oliy maktabida xizmat ko‘rsatgan xodimlar, SSSR va RFda xizmat ko‘rsatgan trenerlar, sport sohasida xizmat ko‘rsatgan murabbiylar va xalqaro toifadagi sport ustalari ushbu universitetda dars beradilar.

Dver s klyuchami - Sputnik O‘zbekiston
Mirziyoyev Tatyana Navka, Pavel Bure va Rossiyaning boshqa sportchilariga Toshkentdan uy berdi

Xuddi aynan mana shu professor-o‘qituvchilar tarkibi Samarqandda tashkil etilayotgan universitet filialiga ham dars o‘tish uchun taklif etiladi, deb ma’lum qildi Tursunaliyev.

Aytish joizki, Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti talabalari va bitiruvchilari orasida 172 nafar Olimpiya o‘yinlari hamda Yevropa va Jahon chempionlari bor. Rossiya sport vaziri Pavel Kolobkov, mashhur figurachi Yevgeniya Medvedeva, xokkey yulduzi Ilya Kovalchuk, afsonaviy darvozabon Lev Yashin, ko‘pkarra jahon chempioni, xokkeychi Valeriy Xarlamov, Pavel Bure va boshqa ko‘plab taniqli sport vakillari shular jumlasidan.

Qabul jarayoni va shartlari

Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti Samarqand filialiga 2019/2020 o‘quv yili uchun 6 yo‘nalish bo‘yicha jami 150 nafar talaba (45 tasi davlat granti asosida) o‘qishga qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Vstrecha ministra sporta RF Pavla Kolobkova s prezidentom NOK Uzbekistana Rustamom Shaabduraxmonovim - Sputnik O‘zbekiston
Rustam Shoabdurahmonov Rossiya sport vaziri bilan uchrashdi

Hujjatlar joriy yil 15-avgustga qadar qabul qilinadi. Kirish imtihonlari 20-30 avgust kunlari o‘tkaziladi.Imtihonlar rus tilidan suhbat shaklida; kasbiy (ijodiy) imtihon esa tanlangan sport turlari bo‘yicha umumiy jismoniy tayyorgarlik; suzish bo‘yicha imtihon sinovlari shaklida o‘tkaziladi.

Oliygohda ta’lim Rossiya Federatsiyasi federal ta’lim standartlariga muvofiq, O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda universitet tomonidan tasdiqlangan o‘quv reja va ta’lim dasturlari asosida rus tilida amalga oshiriladi.

Filial bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasida oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universitetining belgilangan namunadagi diplomi beriladi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligining Fan, sport va ta’lim muassasalarini ilmiy metodik ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Hasanovning aytishicha, tashkil etilgan universitet uchun bitta o‘quv korpusi hamda Samarqandda joylashgan uchta: olimpiya zaxiralari maktab-internati; sportning o‘yin turlari va yengil atletika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabi hamda sportning eshkak eshish turlari bo‘yicha respublika ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabi bazasidan tekinga foydalanish belgilab berilgan.

Hozirgi kunda filial uchun ajratilgan binolarda qurilish ishlari amalga oshirilayotgani sabab, talabalar qabuli jarayoni O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti bazasida tashkil etish belgilangan.

Tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgan abituriyentlar 2019/2020 o‘quv yilida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga qabul qilinadi va Rossiya Federatsiyasining Fan va ta’lim sohasini nazorat qilish federal xizmatidan litsenziya olinguniga qadar o‘qishni ushbu ta’lim muassasasida davom ettiradilar. Litsenziya olinganidan so‘ng, ushbu talabalarning o‘qishlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri filialga ko‘chiriladi va o‘qishni o‘sha yerda davom ettiradilar.

Yangiliklar lentasi
0