O‘zbekiston Baku orqali paxta, gilam va ipak savdosini yo‘lga qo‘yishi mumkin

Obuna bo‘lish
Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga (TTDHK) O‘zbekistonning a’zo bo‘lishi uning Yevropaga yuk oqimini sezilarli darajada oshirishiga zamin yaratadi. Buning barobarida yuk koridorlari va marshrutlari o‘rtasidagi farqni hisobga olish kerak, deydi ozarbayjonlik ekspert.

Bakuda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining oliy darajadagi yettinchi yig‘ilishi yakuniga yetdi. O‘zbekiston tashkilotning yangi to‘laqonli a’zosi bo‘ldi. “Yevropa-Kavkaz-Osiyo” (TRASEKA) Xalqaro hukumatlararo komissiyasi doimiy kotibiyatining Ozarbayjondagi vakili Akif Mustafayev Sputnik bilan suhbatida O‘zbekistonning kengashga a’zoligi unga xalqaro transport koridori bo‘ylab yuk tashishda qanday qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishi haqida so‘zlab berdi.

-          O‘zbekistonning Turkiy kengashga a’zoligi uning TRASEKA koridori bo‘ylab yuk tashimalariga ta’sir ko‘rsatadimi?

-          O‘zbekistonning kengashga a’zoligi uning koridor bo‘ylab yuk tashishlari hajmini sezilarli darajada oshiradi, albatta. Dastavval aniqlik kiritib olaylik, O‘zbekiston “Yevropa-Kavkaz-Osiyo (TRASEKA) koridorini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro transport to‘g‘risidagi asosiy ko‘ptomonlama shartnoma”ni 1998-yilda imzolagan mamlakat. Shunday bo‘lishiga qaramay, O‘zbekistonning turkiy tilli davlatlar bilan o‘zaro savdo aylanmasi naqadar past bo‘lib qolayotganiga e’tibor bering – birgina joriy yil sakkiz oyi yakuni bo‘yicha bu raqam bor-yo‘g‘i 5 mlrd AQSh dollarni tashkil etdi.  

O‘zbekistonning yangi prezidenti Shavkat Mirziyoyev tamomila ijobiy va ilg‘or yetakchi ekanligini namoyish qildi. Uning mamlakatni TTDHKga a’zo qilish to‘g‘risidagi qarori, shubhasiz, mamlakatlar o‘rtasidagi savdo aloqalarining rivojlanishi va yuklar tranziti oshishiga olib keladi. Ilgari o‘zbek va turkmanlar bu kabi mintaqaviy tuzulmalar xususida o‘ta ehtiyotkor edilar. Yangi rahbariyat kelishi bilan esa tashqi iqtisodiy faoliyatni taraqqiy ettirish yuzasidan muzokaralar boshlanib ketdi va ko‘rib turganingizdek, natijasi o‘laroq O‘zbekiston Turkiy kengashga a’zo bo‘ldi.

Tranzit yo‘lida: MDHdan YeOIIga qarab

-          Turkmaniston bu yo‘nalishda qadamini hanuzgacha bosgani yo‘q. Sizningcha, uning TTDHKga a’zo bo‘lishi uchun qancha vaqt talab qilinadi?

Flag Uzbekistana - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekiston Turkiy Kengashga nega a’zo bo‘ldi?

-          Turkmaniston ham kengashga yaqin orada a’zo bo‘ladi. Birinchidan, o‘zimizning ham bunday istagimiz bor, chunki bu turkiy tilli bizning qo‘shni davlat. Umid qilamizki, Turkmaniston bu borada ijobiy qaror qabul qiladi. Mintaqadagi bir turkiy tilli mamlakat boshqalardan chetda qolib, yakkalanib qolishi mumkin emas. Ta’kidlash kerakki, barcha turkiy tilli mamlakatlar TRASEKA xalqaro hukumatlararo shartnomasini imzolagan.

-          So‘nggi paytlarda yangi koridorlarning tashkil etilayotganligi to‘g‘risida mulohazalarni tez-tez eshitib turibmiz. Ular TRASEKAga raqobat hosil qila oladimi?

-          Hech qanday yangi koridorlar haqida so‘z borayotgani yo‘q. Bu yanglish mulohaza.

Aslida, Yevropa-Kavkaz-Osiyo xalqaro transport koridori doirasidagi marshrutlar nazarada tutilgan edi. Ya’ni gap Afg‘oniston, Turkmaniston orqali Ozarbayjonga, bu yerdan Turkiyaga va so‘ngra Yevropaga o‘tuvchi Transkaspiy xalqaro transport marshruti yoki Lapis Lazuli marshruti haqida ketayotgan edi. Zotan, koridor ichida yana koridor ochish mumkin emas. Ya’ni nutqlarda ko‘pincha “yangi marshrutlar” iborasi o‘rniga “koridorlar” tushunchasi qo‘llanilmoqda va natijada, tushunmovchilik yuzaga kelmoqda. 

Shavkat Mirziyoyev v Turkskom sovete - Sputnik O‘zbekiston
Shavkat Mirziyoyev Turkiy kengashda 4ta tashabuus bilan chiqdi

Mintaqada yangi marshrutlarni hosil qilish faqat rag‘batlantiriladi, chunki bu yuklarni yuborish yo‘llarini diversifikatsiyalashga va umuman olganda, TRASEKA koridori bo‘ylab yuk tashimalari hajmini oshirishga imkon yaratadi. Masalan, Baku-Tbilisi-Kars temir yo‘llar marshrutini olaylik. Ilgari Yevropaga Qora dengiz va Gruziya orqaligina chiqishimiz bor edi, endilikda esa Gruziya va Turkiya temir yo‘llari orqali yangi yo‘limiz ham paydo bo‘ldi.

Qolaversa, 12 davlat rahbari tomonidan imzolangan TRASEKA koridori to‘g‘risidagi shartnomamiz hamda tranzit va chegaradan o‘tish jarayonini soddalashtirish bo‘yicha texnik ilovalarimiz bor.

-          O‘zbekistondan Yevropa yo‘nalishi bo‘yicha qanday tovar va yuklar qatnashi mumkin bo‘ladi?

-          Bugungi kunga kelib, TRASEKA bo‘ylab O‘zbekistonning tranzit oqimi deyarli yo‘qligini hisobga olganda, koridor bo‘ylab yuk oqimi bir necha marotabagacha oshishi mumkin. Bunga qiziqish endi, hokimiyatga Shavkat Mirziyoyev kelishi bilan paydo bo‘ldi. Ozarbayjon orqali Yevropa yo‘nalishlari bo‘yicha bu mamlakatdan xususan, paxta, gilamlar, ipak va shu kabi an’anaviy bo‘lib qolgan mahsulotlar oqimini yo‘lga qo‘yish mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga, tabiiyki, Yevropa mamlakatlaridan ham O‘zbekiston yo‘nalishida tovarlar harakatlana boshlaydi.

1998 yil sentabrda Ozarbayjon poytaxtida TRASEKAning 12 mamlakati ishtirokida tarixiy sammit bo‘lib o‘tgandi. Unda davlatlar o‘z geosiyosiy va iqtisodiy imkoniyatlarini to‘liq ravishda tatbiq etish maqsadida “Yevropa-Kavkaz-Osiyo koridorini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro transport to‘g‘risidagi asosiy ko‘ptomonlama shartnoma”sini imzolagan edilar.

TRASEKA a’zo-mamlakatlari Yevropa-Kavkaz-Osiyo xalqaro transport koridorini rivojlantirish bobida TRASEKA hukumatlararo komissiyasi strategiyasini bosqichma-bosqich amalga oshirib kelmoqda. Hozirga kelib, koridorni Transevropa transport tarmoqlariga asta-sekinlik bilan integratsiya qilish orqali multimodal yuk tashimalarining barqaror infrastrukturaviy tarmog‘ini tashkil toptirishga butun diqqat-e’tibor qaratilmoqda.

Yangiliklar lentasi
0