TOShKENT, 4-iyun - Sputnik. Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan O‘zbekistonda 15-iyundan "yashil" va "sariq" hududlarda umumiy ovqatlanish obyektlari, buyum bozorlari va bog‘chalar faoliyatiga ruxsat beriladi.
Shu bilan bir qatorda asosiy talablar sifatida quyidagilar belgilab qo‘yildi:
- Umumiy ovqatlanish obyektlarida banketlar va boshqa ommaviy tadbirlarni o‘tkazishga yo‘l qo‘ymaslik; faoliyatini 8:00 dan 23:00 ga qadar tashkil etish; stollar oralig‘idagi 2 metrdan kam bo‘lmagan ijtimoiy masofani ta’minlash; bir stol atrofida 4 kishidan ko‘p bo‘lmagan (10 kishidan ko‘p bo‘lmagan bir oila a’zolari bundan mustasno) mijozlarni joylashtirish; xodimlarning tibbiy niqob va tibbiy qo‘lqopda bo‘lishi; har bir mijozdan keyin stol va boshqa jihozlarning yuza qismini dezinfeksion vositalar bilan tozalash.
- Buyum bozorlari doimiy ravishda dezinfeksiya qilinishi, ularning kirish-chiqish joylarini pirometrlar, antiseptik vositalar va dezinfeksion “to‘shak”lar bilan jihozlanishi, sotuvchilar va xaridorlar tibbiy niqob va tibbiy qo‘lqoplardan foydalanishi, ijtimoiy masofani saqlashi, shuningdek, har bir fuqaroning tana haroratini o‘lchab, 37°S va undan yuqori bo‘lgan, infeksiya alomatlari mavjud bo‘lgan holatda hamda tibbiy niqobda bo‘lmagan hollarda buyum bozorlari hududiga kiritmaslik choralarini ko‘rish talab etiladi.
* Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida mashg‘ulotlarni 15 kishidan ortiq bo‘lmagan guruhlarda tashkil etish; maktabgacha ta’lim tashkilotlari binolarini doimiy ravishda dezinfeksiya qilish, ularga kirish-chiqish joylarini pirometrlar, antiseptik vositalar va dezinfeksion “to‘shak”lar bilan jihozlash; xodimlar tibbiy niqob va tibbiy qo‘lqoplardan foydalanishi va ijtimoiy masofani saqlashi; tana harorati 37°S va undan yuqori bo‘lgan yoki infeksiya alomatlari mavjud bo‘lgan xodim va tarbiyalanuvchilarning mashg‘ulotlarga kiritmaslik choralarini ko‘rish talab etiladi.