Pandemiya davrida O‘zbekistonga kirish va chiqish tartibi qanday – TIV izohi

Obuna bo‘lish
Karantin choralari paytida kim O‘zbekistonga kirishi mumkin, fuqarolarga qay hollarda mamlakatdan tashqariga chiqishga ruxsat berilgan – batafsil quyida.

TOShKENT, 12 avg — Sputnik. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq karantin choralari paytida O‘zbekistonga kirish va chiqish tartibi to‘g‘risida ko‘p so‘raladigan savollarga javob qaytardi.

Mamlakatga kirish tartibi

2020 yil 15-iyundan boshlab quyidagi toifadagi fuqarolari mamlakatga kirish uchun ruxsatnoma so‘rab O‘zbekistonning tegishli organlariga murojaat qilishlari shart emas.

  • xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlari hamda ularning oila a’zolari;
  • investitsiya loyihalari doirasida xorijiy kompaniya va boshqa tashkilotlarning O‘zbekistonda ishlayotgan mutaxassislari;
  • davolanish uchun kelayotgan shaxslar;
  • O‘zbekistonda doimiy yashash joyiga ega xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar.

Bundan tashqari, xorijda vaqtincha bo‘lib turgan yoki chet elda doimiy asosda yashovchi va vatanga aviaqatnovlar orqali qaytishni istayotgan O‘zbekiston fuqarolarining mamlakat hududiga kirishlarida hech qanday cheklovlar ko‘zda tutilmagan.

O‘zbekistondan tranzit orqali boshqa davlatga ketayotgan chet el fuqarolarning mamlakat hududidan o‘tishlariga ruxsat beriladi. Buning uchun xorijiy davlat diplomatik vakolatxonasi va konsullik muassasasining O‘zbekiston TIVga avvaldan so‘rovlar yuborishi kerak.

Mamlakatdan chiqish tartibi

2020 yil 15-iyundan boshlab quyidagi toifadagi fuqarolar mamlakatdan chiqib ketishga ruxsat olish uchun O‘zbekiston Respublikasining tegishli organlariga murojaat qilishlari shart emas:

  • davolanish uchun chiqayotgan shaxslar;
  • xorijda yaqin qarindoshlari yohud og‘ir kasal bo‘lgan qarindosh-urug‘lari mavjud bo‘lgan shaxslar;
  • xorijiy davlatda doimiy ro‘yxatdan o‘tgan O‘zbekiston fuqarolari;
  • o‘qish yoki ishlash uchun chet elga ketayotgan fuqarolar.

Aviachiptani sotib olishdan oldin yuqorida keltirilgan fuqarolarga pandemiya paytida ular bormoqchi bo‘lgan mamlakatga kirish uchun amaldagi tartib va shartlar hamda karantin choralari to‘g‘risida zarur ma’lumot olish uchun o‘sha mamlakatning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonasiga murojaat qilish tavsiya qilinadi.

Aviachiptalarni sotib olish uchun tegishli aviakompaniyalarning vakolatxonalariga murojaat qilish kerak.

“Chiptalarni sotishda aviakompaniyalar fuqaroning belgilangan mamlakatga kirish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilishi mumkin”, - deyilgan xabarda.

Parvozlar sanitariya qoidalari va tartiblariga qat’iy amal qilgan holda tashkil etiladi.

O‘zbekiston fuqarolari chet elga yer usti orqali chiqishlari uchun respublika maxsus komissiyasining qarori talab qilinadi.

Xorijiy fuqarolarning mamlatdan tashqariga chiqishiga hech qanday cheklovlar yo‘q.

O‘zbekiston hududidagi xorijiy fuqarolarning vizalari muddati avtomatik tarzda 2020-yil 1-noyabrgacha uzaytiriladi.

Yangiliklar lentasi
0