Navro‘z: ezgulik va sadoqat bayrami butun dunyoda qanday nishonlanadi?

© Sputnik / Vitaliy Ankov / Mediabankka o‘tishPrazdnovanie musulmanskogo prazdnika "Navruz"
Prazdnovanie musulmanskogo prazdnika Navruz - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Navro‘z nafaqat Markaziy Osiyo mamlakatlari, balki Afg‘oniston, Hindiston, Eron, Turkiya, Ozarbayjon singari davlatlarda ham keng nishonlanadigan bayramdir. 2018-yilgi Navro‘z tantanalariga Rossiya poytaxti Moskva shahrida ham alohida tayyorgarlik ko‘rilmoqda

TOShKENT, 18 mar — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Navro‘z — nafaqat o‘zbek xalqi, balki Osiyo xalqlari tomonidan besh ming yildan ortiq vaqtdan beri keng nishonlanib kelinadigan yilning eng asosiy bayramlaridan biridir. Navro‘z bu — bahor bayrami, tabiat yangilanishi ayyomi, yangi yil, yangi kun elchisidir. BMT Bosh assambleyasi 21-mart sanasini Xalqaro Navro‘z kuni deb belgilagan va barcha mamlakatlarni ushbu qadimiy bayramni butun dunyoda ommalashtirishga hissa qo‘shishga chaqirgan.

Bahorning eng kutilgan ayyomi O‘zbekistonda va boshqa davlatlarda qanday nishonlanishi haqida ma’lumotlarni e’tiboringizga havola qilamiz.

O‘zbekiston: ona tabiatni sevish va insonparvarlik bayrami

21-mart — Navro‘z bayrami munosabati bilan O‘zbekistonning har bir viloyati, shaharlari va tumanlarida bosqichma-bosqich eng qiziqarli va tomoshabop bayram dasturlarini o‘z ichiga olgan xalq sayillari o‘tkaziladi. Saylgohlarda doshqozonlarda palovlar damlanib, sumalaklar qaynatiladi. Darboz tomoshalari, karnaychilar chiqishi, folklor chiqishlar, milliy kuy-qo‘shiqlar ijrosi shular jumlasidandir. Shu bilan bir qatorda, yordamga muhtoj insonlar, keksalar, nogironlar va kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olish, ularga beg‘araz ko‘mak berish, jamiyatda o‘zaro hurmat, do‘stlik va hamjihatlikni kuchaytirishga qaratilgan savob ishlar, xayriya tadbirlari va ommaviy hasharlarni amalga oshirish singari tadbirlarga ham alohida e’tibor beriladi.

Shavkat Mirziyoyev oznakomilsya so stroitelstvom parka Navruz - Sputnik O‘zbekiston
"Navro‘z" bog‘ida sayyohlar o‘zini xuddi o‘zbek mahallasida yurgandek his qilishi zarur-prezident

Navro‘z ayyomi arafasida xorijdagi O‘zbekiston vakolatxonalarida ham ushbu ayyomga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkaziladi. Xususan, 14-mart kuni Sankt-Peterburgdagi Import o‘rnini bosuvchi va lokalizatsiya markazida O‘zbekistonning turistik salohiyati namoyish etilgan tadbirdan so‘ng, regional "O‘zbegim", "Turon" va "Hamdo‘stlik" diasporalari tashkilotlari tomonidan mehmonlarga sumalak, palov va boshqa o‘zbek milliy taomlari ulashildi. Shuningdek, tadbir ishtirokchilari o‘zbek milliy taronalari va raqslaridan bahramand bo‘ldilar.

Qozog‘iston: yangilanish va muhabbat bayrami

Navro‘z qozoqlarda — bahoriy yangilanish, muhabbat tarannumi, unumdorlik va do‘stlik bayrami sifatida keng nishonlanadi. Navro‘z tantanalarini qay tarzda nishonlash yil davomida olinadigan hosil va shuningdek, omadga bog‘liq, deya ishonishadi.

Navro‘z bayramida Qozog‘istonda turli bayram tadbirlari, o‘yinlar va ot choptirish musobaqalari o‘tkaziladi. Navro‘zni nishonlashda qozoqlar uchun 7 sanasi o‘ta muhim sanaladi: har bir fuqaro 7ta xonadonni ziyorat qilib, 7 ta mehmon chaqirishi muhim shartlardan biri sanaladi.

Qirg‘iziston: qarz uziladi, hammayoq tartibga keltiriladi

Mart oyini qirg‘izlar "Nooruz" deb atashadi. Agar bayram kuni chaqaloq dunyoga kelsa, unga albatta, Navro‘z deya ism qo‘yiladi. Shuningdek, qor yog‘ishi ham yaxshi belgilardan sanaladi. Bayram arafasida odamlar o‘z turar joylarini tartibga keltiradilar, qarzlari bo‘lsa uzadilar, kim bilan arazda bo‘lsalar, yarashadilar.

Turkiya: qo‘shnilar bilan ziyofat

Turk urf-odatlariga ko‘ra Navro‘z bayrami arafasida odamlarni yaxshi niyat va baxt, salomatlik va uzoq umr, ish boshlashda barokat timsoli bo‘lgan narsalar o‘rab turishi kerak. Turklar uchun qadimdan bunday xosiyatli narsalar: sharob, o‘stirilgan arpa doni yoki pita-nonlar va tangalar hisoblangan.

Navro‘z bayramini nishonlash - Sputnik O‘zbekiston
Navro‘z YuNESKO nomoddiy boyliklari ro‘yxatiga kiritildi

Shuningdek, Navro‘zning shartli atributlaridan biri  — muqaddas olov bo‘lib, uning o‘rnini bugungi kunda mushaklar va maxsus "olov purkaydigan" ajdaholar egallagan.

Turkiyada Navro‘z bayrami kunlari folklor kollektivlar chiqishlari tashkillashtiriladi. Navro‘z kuni hamma bir-birlarinikiga mehmonga borib, bayramni qo‘shnilar va do‘stlar bilan birgalikda qarshi oladilar. An’analarga ko‘ra, 23-mart kuni tongda turib, toza va yangi liboslarni kiyib, qabristonni ziyorat qilish kerak. U yerda oila a’zolari choy va qahva ichadilar, ovqatlanadilar va suhbatlashadilar. Nonushtadan keyin oila a’zolari birin-ketin qabrtoshlarni o‘pib, uyga qaytadilar.

Kun yarmida "haq yuleshtirir" urf-odati amalga oshiriladi. Marosim vaqtida ayollar barchaga yong‘oq ulashadilar va tadbir davomida duo o‘qiydilar. Kechga yaqin qo‘shnilar va qarindoshlar to‘planishib, birgalikda ovqatlanadilar. Bu tonggacha davom etadi.

Bayram kuni hamma yuzda tabassum bilan yuradi va barcha dilxiraliklar kechiriladi.

Turkmaniston: bo‘ribosarlar jangi

Turkmanlarda mavjud urf-odatlarga ko‘ra, agar Navro‘z kuni yomg‘ir yoki qor yog‘sa, demakki yil ham serhosil bo‘ladi.

Shuningdek, Navro‘z kuni kun sovuq bo‘lsa, bug‘doy mo‘l bo‘lishiga ishonishadi.

Prezident RF V. Putin vstretilsya s prezidentom Turkmenii G. Berdimuxamedovim - Sputnik O‘zbekiston
Putinga turkman bo‘ribosar itini sovg‘a qilishdi

Yoshlar bahor bayramini ochiq havoda kimo‘zar o‘yinlari bilan nishonlaydilar. Ot choptirish o‘yinlarining birinchi mavsumi Navro‘z bayrami nishonlanadigan kunlarga belgilanadi, shuningdek, bo‘ribosarlar o‘rtasida ilk janglar ham aynan shu kunlarda bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, yangi an’ana joriy etilgan, endilikda Turkmanistonda Navro‘z bayrami nishonlanadigan kunda Ayol, Ona kuni nishonlanadi. Bu esa ayolning jamiyat hayotida tan olinganligidan darak beradi.

Tojikiston

Tojikistonda mehmonlarni "Navro‘z muborak bod!", "Navruzaton piruz bod" ("Navro‘z bayrami bilan" deya qarshi oladilar. Shu kunda dasturxonda nomi "s" bilan boshlanuvchi yettita yegulik qo‘yilishi shart.

Eron: Navro‘z 13 kun nishonlanadi

Qadimda Navro‘z 13 kun davomida nishonlangan. Bayramning oxirgi kunida odamlar dalalarga chiqishgan va Yangi yilni qarshi olishgan. Shu kunda dalaga chiqib, tabiatdan zavq olgan odamga yil davomida omad va baxt kulib boqishiga ishonishgan.

Bu an’ana Eronda saqlanib qolgan. Bu yerda bayram 13 kun davomida nishonlanadi, shulardan 5 kuni Navro‘zni kutib olish va yaqin qarindoshlar hamda do‘stlarni borib ko‘rishga ajratiladi. Navro‘z kuni arafasida eronlik ayollar gulxan ustidan sakrashadi.

Bayram arafasida shaharlarda qizil liboslarga burkanib olgan aktorlar paydo bo‘ladi va odamlar an’anaga ko‘ra, o‘z yuzlarini qora bo‘yoq yoki kuyaga bo‘yab oladilar.

Ozarbayjon

Ozarbayjonda Navro‘zga tayyorgarlik ishlari bir oy oldin boshlanadi. Mamlakatda uch kun rasmiy bayram e’lon qilinib, dam olish beriladi.

Ozarbayjonda ham gulxan yoqib, uning ustidan yetti marta sakrab o‘tish an’anasi mavjud. Navro‘zning ilk kunida tong saharda turish kerak. Odamlar, agar buni imkoni bo‘lsa, suv havzasiga boradilar, bet-qo‘llarini yuqib, bir-birlariga suv sepadilar. Sababi, suv — poklanish ramzi sanaladi. Bu bilan ular bir-birlariga farovon va baxtli Yangi yil tilaydilar.

So‘ngra an’anaga ko‘ra, ular bir-birlariga shirinlik ulashadilar. Shu kuni ertalabdan shirinlik tanovvul qilish, so‘ngra xushbo‘y tutunni hidlash kerak bo‘ladi. Bu "yovuz ruhlardan" tozalanganlikni bildiradi.

Dasturxon ham mo‘l qilib bezatilib, "S" harfidan boshlanuvchi yettita yegulik qo‘yiladi.

Afg‘oniston

Afg‘onistonda Yangi yil — Navro‘z — 21-mart kuni tungi birdan nishonlanadi. 21-martga o‘tar kechasi tungi soat birdan boshlab hech kim ko‘chaga chiqmaydi: kimdir uyni tark etsa, kelayotgan yilda oila a’zolarining biri vafot etadi, degan aqidaga ishonishadi. Kirib kelayotgan yil baxtli kechishi uchun yig‘lash, asabiylashish, jahl qilish, bolalarni jazolash man etiladi.

Navro‘z bayramiga obdon tayyorlarlik ko‘riladi: oilaning barcha a’zolariga yangi liboslar olib beriladi, uy saranjom-sarishta qilinadi, do‘stlar va tanishlar uchun sovg‘alar tanlanadi.

Shuningdek, nomi fors alifbosidagi "sin" harfidan boshlanuvchi besh xildagi mazali taomlar tayyorlanadi va do‘stlar hamda tanishlarga ulashiladi. Shuningdek, dastrxonga yetti xil mevadan pishirilgan kompot qo‘yiladi.

Navro‘z kunlarida Afg‘onistonda erkin kurash bo‘yicha musobaqalar o‘tkaziladi, tosh otish, ot choptirish bo‘yicha bellashuvlar bo‘lib o‘tadi. Qizlar esa lola qizg‘aldoq teradilar.

Iroq Qurdistoni

Qurdlar uchun Navro‘z bayrami faqat yangilanish va milliy bayram bo‘libgina qolmay, ular bu kunni afsonalarda o‘z aksini topganidek — o‘z zaminlarini ajdar-podshoh Zaxok-Bevarasl zulmidan ozod etilishi bilan bog‘laydilar.

Qurdlar shashlik tayyorlashni xush ko‘radilar. Va bu ish bilan oila boshlig‘i yoki uning katta o‘g‘illari shug‘ullanadi. Shuningdek, shirin palovlar tayyorlash an’anasi ham keng tarqalgan. Bug‘doy qaynatilib, asal qo‘shib, maxsus shrinlik tayyorlaydilar.

Qurd ayollari yil serhosil kelishi va samo o‘z marhamatini ayamasligi uchun bir-birlariga suv sepadilar.

Hindiston

Hindiston musulmonlari Yangi yilni 21-mart kuni nishonlaydilar. Agar yevropa yangi yili yarim tunga to‘g‘ri kelsa, Navro‘z kun chiqqanida, lekin xuddi Yangi yilni kabi oila davrasida nishonlashadi. Hindiston shimolida yashaydigan aholi bu kunda chakkalariga gullar taqsalar, janubiy qismida maxsus patnisga shirinliklar va sovg‘alar qo‘yadilar. Shuningdek, bu kunda katta gulxan yoqish an’anasi ham mavjud — hindularning fikriga ko‘ra, bu gulxan o‘tayotgan yilning barcha omadsizliklarini olib ketar ekan.

Moskvada ham katta Navro‘z bayrami bo‘ladi

2018 yilgi Navro‘z bayramini oilasidan olisda, xususan, Rossiyada kutib olayotgan o‘zbekistonliklar uchun ajoyib xushxabar. Bu yil Rossiya poytaxti Moskva shahridagi VDNX ko‘rgazmalar zalining 75 pavilonida Navro‘z tantanalarini juda dabdabali nishonlash rejalashtirilgan. Tadbirga 37 mingga yaqin mehmonlar kelishi kutilmoqda.

Moskva shahri milliy siyosat va mintaqalararo aloqalar departamenti rahbari Vitaliy Suchkovning aytishicha, pavilondagi katta zal 17 ga bo‘lingan bo‘lib, u yerda turli xalqlar o‘z Navro‘z bayrami dasturlari bilan ishtirok etadilar.

Moskvadagi Navro‘z tadbiri millatlararo hamjihatlik ramzlaridan biri sanaladi.

Moskvada Navro‘z bayrami va Palov festivali
Suchkovning aytishicha, bayram nafaqat kattalar, balki kichkintoylar uchun ham qiziqarli kechishi kutilmoqda: ko‘rgazmada xalq hunarmandchiligi mahsulotlarini xarid qilish, milliy taomlarni tatib ko‘rish mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, sport ishqibozlari kurashchilar bellashuvini, moda qiziquvchilari esa — turli millatlarning milliy liboslari ko‘rgazmalarini tomosha qilishlari mumkin bo‘ladi. Jajji bolakaylar uchun maxsus maydonchada turli millatlarning suvenirlarini va qo‘g‘irchoqlarini yasash bo‘yicha master-klasslar va tanlovlar o‘tkaziladi.

Eng tomoshabop va mazali tadbirlardan biri esa Palov festivali bo‘lishi kutilmoqda. Palov ustalari eng yaxshi palov nominatsiyasida g‘olib chiqish uchun o‘zaro bellashadilar.

Palov mehmonlarga ham ulashilishi kutilmoqda.

© Sputnik / Yevgeniy Odinokov / Mediabankka o‘tishMoskovskiy obshegorodskoy prazdnik "Navruz"
Moskovskiy obshegorodskoy prazdnik Navruz - Sputnik O‘zbekiston
Moskovskiy obshegorodskoy prazdnik "Navruz"
 Aytgancha, bayram 13.00da boshlanib, kech 20.00gacha davom etadi.

Yangiliklar lentasi
0